Dunyoning eng tez poezdi CR450 soatiga 453 km tezlikka erishib, yangi rekord o‘rnatdi
Xitoyda ishlab chiqarilgan CR450 elektr poezdi dunyoning eng tez harakatlanuvchi yo‘lovchi poezdlari qatorida yangi rekord o‘rnatdi. So‘nggi sinovlarda poezd soatiga 453 km tezlikka chiqib, oldingi rekordlarni ortda qoldirdi.
Poezd o‘tgan yili taqdim etilgan va hozirda to‘liq ishga tushmasidan oldin sinov bosqichidan o‘tmoqda. Texnik talabga ko‘ra, CR450 yo‘lovchi qatnovlari uchun to‘liq ruxsat olish maqsadida 600 ming kilometr masofada sinovdan o‘tishi kerak.
Oldingi modellarga nisbatan CR450 bir qancha yangiliklarga ega:
-
Masalan, oldingi Fuxing poezdining old qismi 12,5 metr bo‘lgan bo‘lsa, CR450da bu ko‘rsatkich 15 metrgacha uzaytirilgan.
-
Dizayni yanada o'tkir va aerodinamik shaklga ega qilib, havo qarshiligi kamaytirildi.
-
Poezd butunlay yopiq konstruktsiyaga ega bo‘lib, g‘ildiraklari deyarli ko‘rinmaydi.
-
Balandligi oldingi modelga nisbatan 20 santimetrga pasaytirildi, umumiy vazni esa 50 tonna kamaytirildi.
So‘nggi besh yil ichida Xitoy temir yo‘l texnologiyalari ilmiy-tadqiqot markazi poezd konstruktsiyasini doimiy takomillashtirdi. Natijada, poezdning umumiy aerodinamik qarshiligi 22% ga kamaytirildi.
Yangi CR450 poezdi 0 dan 350 km/soat tezlikka faqat 4 daqiqa 40 soniyada erishadi. Bu ko‘rsatkich oldingi Fuxing poezdining 6 daqiqa 20 soniya ko‘rsatkichidan ancha tezdir.
Xitoy temir yo‘l sanoati ushbu texnologiyaning mamlakatda yuqori tezlikdagi yo‘lovchi qatnovlarini yangi bosqichga olib chiqishiga ishonadi.
