Eng yaxshi ekranga ega smartfonlar e'lon qilindi
Multimedia sifatini baholash borasida xalqaro yetakchi hisoblangan fransuz texnologiya kompaniyasi — DxOMark tomonidan smartfon ekranlarining sifati asosida tuzilgan yangi reyting e’lon qilindi. Ro‘yxatning birinchi o‘rnini Google Pixel 10 Pro XL egalladi. Bu smartfon 2025-yil avgust oyida taqdim etilgan bo‘lib, avvalgi avlod — Pixel 9 Pro XL bilan o‘xshash ekranga ega bo‘lsa-da, bir qator texnik takomillashtirishlar orqali raqobatchilarini ortda qoldira oldi.
Yangi flagman model 6,8 dyuymli LTPO OLED displey bilan jihozlangan. Ekranning aniqligi 2992 × 1334 pikselga teng. Dinamik yangilanish chastotasi 1 dan 120 Gts gacha o‘zgaradi. Displey Gorilla Glass Victus 2 bilan himoyalangan bo‘lib, uning chidamliligini oshiradi.
Ekran HDR formatini qo‘llab-quvvatlaydi va quyosh nuri ostida maksimal 2200 nit yorug‘likka chiqishi mumkin, to‘liq qorong‘ulikda esa 4 nitgacha kamayadi. Yangi funksiyalar qatorida — 480 Gts chastotada ishlaydigan PWM sozlash tizimi, yangilangan HDR algoritmlari hamda ranglarni tabiiyroq aks ettiradigan texnologiyalar mavjud.
Ta’kidlanishicha, displey yuqori aniqlikda kalibrlangan va tashqi yoritishga mos holda tasvirning tabiiy o‘zgarishini ta’minlaydi. Sensor juda tez javob beradi va TÜV Eye Comfort sertifikatiga ega. Ammo bir kamchiligi bor — ekranga haddan tashqari burchak ostida qaralganda ranglarda biroz o‘zgarish kuzatiladi.
Umumiy baholashda Pixel 10 Pro XL 161 ball olib, Galaxy S25 Ultra va Pixel 10 (ikkalasi ham 160 ball) modellarini ortda qoldirdi. Dastlabki o‘nlikka, shuningdek, Pixel 9 seriyasi, Galaxy S25 va Honor Magic6 modellar ham kiritildi.
iPhone esa bu safar hatto kuchli o‘nlikka ham kira olmadi: iPhone 15 Pro Max faqat 24-o‘rinni, iPhone 16 Pro Max esa undan ham past — 29-o‘rinni egalladi.
