Google Hugging Face sun’iy intellekt modellarini telefonda — internetsiz ishga tushuradigan ilovani chiqardi
Google kompaniyasi AI Edge Gallery nomli tajriba ilovasini taqdim etdi. Bu ilova yordamida foydalanuvchilar Hugging Face platformasidagi sun’iy intellekt modellarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z smartfonlarida internetga ulanmasdan ishga tushurishlari mumkin.

Ilova hozirda Android uchun mavjud, iOS versiyasi esa tez orada chiqadi. Foydalanuvchilar modellarni topish, yuklab olish va ulardan tasvir yaratish, kod yozish va tahrirlash, savollarga javob berish kabi vazifalar uchun foydalanishlari mumkin — bularning barchasi qurilmaning protsessori orqali amalga oshiriladi.
AI Edge Gallery nimalarga qodir:
Hugging Face’ning mashhur modellarini, jumladan Google Gemma 3n modelini qo‘llab-quvvatlaydi
Har bir vazifa uchun tayyor shablonlar va mos modellar tavsiya etiladi
Matnni qayta yozish kabi buyruqlarni sozlash uchun Prompt Lab bo‘limi mavjud
To‘liq oflayn ishlash imkoniyati
Ilovaning ishlash tezligi qurilma kuchiga va tanlangan model hajmiga bog‘liq: model qanchalik katta bo‘lsa, vazifa shunchalik ko‘proq vaqt oladi. Biroq zamonaviy kuchli smartfonlarda jarayon ancha tez bajariladi.
AI Edge Gallery hozircha alfa-versiyada chiqarilgan va Apache 2.0 litsenziyasi ostida tarqatilmoqda. Ilovani GitHub’dagi rasmiy sahifadan — APK fayli shaklida — yuklab olish mumkin.