Hakerlar “Qantas” aviakompaniyasining 5,7 million mijozining ma’lumotlarini darknetda tarqatdi
Avstraliyaning eng yirik aviakompaniyasi — Qantas’ning 2025-yil yozida o‘g‘irlangan mijozlarga oid shaxsiy ma’lumotlari hakerlar tomonidan internetning qorong‘u qismida (darknetda) ommaga oshkor qilindi.
Report axborot agentligining 9News telekanaliga tayanib bergan xabariga ko‘ra, kiberjinoyatchilar ushbu ma’lumotlarni kompaniya to‘lov qilishdan bosh tortgani uchun e’lon qilgan.
Tarqatilgan ma’lumotlar orasida mijozlarning familiyalari, ismlari, tug‘ilgan sanalari, elektron pochta manzillari hamda sodiqlik dasturi (tez-tez uchuvchi yo‘lovchilar) raqamlari mavjud. Shuningdek, ularda ayrim taniqli avstraliyalik siyosatchilar va jamoat arboblarining shaxsiy ma’lumotlari — uy manzillari va telefon raqamlari ham mavjud. Biroq kompaniya bayonotiga ko‘ra, hakerlar kredit karta yoki pasport ma’lumotlariga kira olmagan.
“Kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar bilan birga aynan qaysi ma’lumotlar sizib chiqqanini o‘rganmoqdamiz va qo‘shimcha xavfsizlik choralarini ko‘rmoqdamiz,” — deya ma’lum qildi kompaniya vakillari. Ular, shuningdek, hukumat idoralari va federal politsiya bilan hamkorlik qilayotganliklarini bildirishdi.
