SpaceX yangi, to‘liq turk sun’iy yo‘ldoshini orbitaga uchirdi

Nov 4, 2025 - 08:31
SpaceX yangi, to‘liq turk sun’iy yo‘ldoshini orbitaga uchirdi

Turkiyaning Fergani Space nomli kosmik kompaniyasi o‘zining ikkinchi, to‘liq mahalliy ishlab chiqilgan sun’iy yo‘ldoshini muvaffaqiyatli ravishda kosmosga uchirganini e’lon qildi.

Bayonotda aytilishicha, FGN-100-D2 — mamlakatdagi eng yirik xususiy sun’iy yo‘ldoshdir. U kecha Florida shtatidagi Kanaveral burnidan SpaceX Bandwagon-4 missiyasi doirasida uchirildi. Taxminan 74 daqiqadan so‘ng yo‘ldosh raketadan ajraldi, orbitaga chiqdi va dastlabki ma’lumotlarini yubordi.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, FGN-100-D2 104 kg og‘irlikda, soniyasiga 7,6 km tezlikda harakatlanadi va bir sutkada taxminan 15 marta Yer atrofida aylanadi. U 510 km balandlikda ishlaydi va missiyaning 5–7 yil davom etishi kutilmoqda.

“Bu missiya bilan Turkiyaning kosmik texnologiyalar sohasidagi mustaqillik yo‘li yangi bosqichga chiqdi,” deyiladi bayonotda.

Kompaniya yaqin besh yil ichida 100 dan ortiq sun’iy yo‘ldoshni uchirishni rejalashtirmoqda.

2025-yil 14-yanvarda SpaceX kompaniyasi Fergani Spacening birinchi yo‘ldoshi FGN-100-D1ni uchirgan edi. U Baykar dron ishlab chiqaruvchisi tarkibiga kiradi. Yo‘ldosh Falcon 9 raketasi yordamida Transporter-12 missiyasi doirasida uchirilgan.