Jahon chempionati oldidan: AQSh futbol muxlislari uchun viza tartibini soddalashtirmoqda

Nov 19, 2025 - 09:19
Nov 19, 2025 - 09:22
Jahon chempionati oldidan: AQSh futbol muxlislari uchun viza tartibini soddalashtirmoqda

AQSh Prezidenti Donald Tramp 2026-yilda AQShda o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha jahon chempionatiga tashrif buyurishni rejalashtirayotgan xorijlik muxlislar uchun yangi imkoniyat — «FIFA Pass» tizimini rasman taqdim etdi. Bu tizim rasmiy FIFA chipta egalari uchun viza jarayonlari va suhbat vaqtlarini tezlashtirilgan tartibda amalga oshirishga yordam beradi.

Oq uyda prezident Tramp va FIFA prezidenti Janni Infantino uchrashuvida ushbu tizimning to‘liq rasmiy nomi ilk bor e’lon qilindi — «Prioritized appointments scheduling system».

«Agar siz jahon chempionati uchun rasmiy FIFA chiptasini sotib olgan bo‘lsangiz, AQShga kirish uchun viza suhbatiga belgilangan vaqtdan tezroq yozilish imkoniga ega bo‘lasiz», — dedi Infantino.

AQSh davlat kotibi Marko Rubio esa bu dastur doirasida dunyoning turli davlatlarida 400 dan ortiq yangi konsullik xodimi ish boshlaganini qayd etdi. Hozirda dunyo mamlakatlarining 80 foizida AQSh viza suhbatiga yozilish muddati 60 kun ichida mavjud.

Yangi tizim asosida FIFA chiptasini olgan yo‘lovchilar maxsus «FIFA portal» orqali viza arizalarini va ustuvor suhbat vaqtlarini belgilash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu minglab muxlislarning ariza ko‘rib chiqish vaqtini ancha qisqartiradi.