Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mamlakatlarga tamaki, alkogol va shakarli ichimliklar narxini 50 foizga oshirishni tavsiya qildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mamlakatlarni 2035-yilgacha tamaki, alkogol va shakarli ichimliklar narxini kamida 50 foizga oshirishga chaqirdi. Bu haqda tashkilotning rasmiy veb-saytida xabar berilgan.
Ushbu tashabbusning maqsadi — surunkali (doimiy) kasalliklar xavfini kamaytirish va davlat byudjetlariga qo‘shimcha daromad keltirishdir. Bu tashabbus “3 dan 35 gacha” nomi bilan tanilgan. JSSTga ko‘ra, bu choralar yuqumli bo‘lmagan kasalliklar (YBK) bilan kurashayotgan sog‘liqni saqlash tizimlarini moliyalashtirishga ham xizmat qiladi.
Ma’lum qilinishicha, dunyoda YBK epidemiyasining keng tarqalishi — tamaki, alkogol va shakarli gazlangan ichimliklarning haddan tashqari iste’moli bilan bog‘liq. Bunday kasalliklar orasida yurak-qon tomir, saraton va qandli diabet mavjud bo‘lib, ular dunyodagi o‘limlarning 75 foizidan ortig‘iga sabab bo‘lmoqda.
Yaqinda e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, bunday mahsulotlar narxining bir martalik 50 foizlik oshirilishi keyingi 50 yilda 50 million kishining erta o‘limining oldini olishi mumkin edi.
“Sog‘liqni saqlashga qaratilgan soliqlar — bizdagi eng samarali vositalardan biridir. Ular zararli mahsulotlar iste’molini kamaytiradi va davlatga qo‘shimcha daromad keltiradi. Bu mablag‘lar sog‘liqni saqlash, ta’lim va ijtimoiy himoya tizimlariga qayta sarmoya bo‘lishi mumkin. Endi harakat qilish vaqti keldi”, — dedi JSSTning aholining salomatligini mustahkamlash, kasalliklarning oldini olish va ularni nazorat qilish bo‘yicha bosh direktor yordamchisi Jeremi Farrar.