Koreyalik olimlar qarish hujayradan hujayraga «yuqishi» mumkinligini aniqlashdi

Koreya Universiteti Tibbiyot kollejining gerontolog olimlari qarish bilan bogʻliq HMGB1 oqsili yosh hujayralarga zarar yetkazishi va ularning erta qarishiga olib kelishini aniqlashdi. Tadqiqot natijalari Metabolism – Clinical and Experimental ilmiy jurnalida chop etildi.

Aug 13, 2025 - 16:58
Koreyalik olimlar qarish hujayradan hujayraga «yuqishi» mumkinligini aniqlashdi
Freepik

HMGB1 oqsili odam tanasida butun umr davomida ishlab chiqariladi. Yosh odamlarda bu oqsil hujayra ichida boʻlib, uning normal ishlashini taʼminlaydi. Ammo yosh oʻtgan sari qarigan hujayralar bu oqsilni tashqi muhitga chiqarishni boshlaydi.

Laboratoriya tajribalari shuni koʻrsatdiki, HMGB1 tashqariga chiqqach, atrofdagi hujayralarning retseptorlari bilan ta’sirlashib, ularning ham qarishini boshlaydi. Natijada, zararlangan hujayralar ham HMGB1 ajratib chiqaradi va bu holat butun to‘qimalar bo‘ylab qarishning tez tarqalishiga olib keladi.

Olimlarning taʼkidlashicha, HMGB1 oqsili ikki xil shaklda boʻladi: faol va nofaol. Faol shakli yallig‘lanish va hujayra shikastlanishini keltirib chiqaradi, nofaol shakli esa zararli emas. Tajribalarda faol HMGB1 bilan aloqa qilgan yosh hujayralar boʻlinishni to‘xtatgani va yallig‘lanishga sabab bo‘ladigan moddalarni chiqarishni boshlagani aniqlangan.

Bu mexanizm dastlab jarohat olgan qariyalar ustida oʻrganilganida aniqlangan va keyinchalik sichqonlar ustidagi tajribalar bilan tasdiqlangan. Tadqiqotchilarning fikricha, qarish jarayoni to‘qimalarda sekin emas, balki zanjirli tarzda tez tarqalishi mumkin. Bu esa uni sekinlashtirish yo‘llarini izlab topish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.