Lionel Messi 2026 Jahon Chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish uchun «Inter Mayami»ni tark etishi mumkin — OAV

Argentinalik jurnalist Esteban Edulning xabar berishicha, Lionel Messi 2026-yilgi Jahon chempionati oldidan klubini o‘zgartirishni ko‘rib chiqmoqda.
Manbaga ko‘ra, 38 yoshli hujumchi musobaqa boshlanishidan olti oy oldin «Inter Mayami»ni tark etib, raqobatbardoshroq ligaga o‘tishi mumkin. Maqsad — Argentina terma jamoasi uchun eng yaxshi sport formasini yig‘ish.
Jahon chempionati 2026-yil yozda AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Argentina hozirgi jahon chempioni — 2022-yil Qatarda bo‘lib o‘tgan finalda Lionel Skaloni boshchiligidagi jamoa Fransiyani penaltilar seriyasida mag‘lub etgan. Messi ikki gol urgan va musobaqaning eng yaxshi o‘yinchisi deb topilgan edi.
Hozircha transfer haqida rasmiy tasdiq yo‘q.