Marsda barqaror hayot: Maskning rejasi va shartlari

Oct 19, 2025 - 09:25
Marsda barqaror hayot: Maskning rejasi va shartlari
Марс / © NASA

Amerikalik tadbirkor Ilon Maskning aytishicha, Qizil sayyora — Marsda barqaror yashash uchun moʻljallangan koloniya tashkil etish uchun kamida 100 ming nafar ko‘ngilli kerak bo‘ladi. U bu fikrni ijtimoiy tarmoq X’da Ars Technica nashrining sharhlovchisi Erik Berger bilan suhbat chog‘ida bayon qildi. Berger Starship kosmik kemasining imkoniyatlaridan shubhalangan bo‘lsa-da, hozirda u Yerdan tashqariga odam yuborishga qodir yagona transport vositasi ekanini tan oldi.

Mask esa Starship loyihasining muvaffaqiyatiga ishonishini va boshqa sayyoralarni koloniyalash bo‘yicha aniq “yo‘l xaritasi”ga ega ekanini aytdi.

Uning fikricha, Marsga faqat qo‘nish yetarli emas. Mustaqil yashash muhiti yaratish, yashash uchun kerakli sharoitlarni tashkil etish va jamiyatni rivojlantirish zarur. Buning uchun kamida 100 ming kishi kerak — faqat shunda koloniya mustaqil yashay oladi.

Bundan tashqari, Yerdan Marsga kamida bir million tonna uskuna va resurslarni yetkazib berish lozim bo‘ladi. Maskning ta’kidlashicha, Marsdagi jamiyat Yer bilan aloqa uzilib qolsa ham, yashab qolishga va rivojlanishga qodir bo‘lishi kerak. Aynan shu muhim chegara Marsni haqiqiy koloniyaga aylantirishning asosi hisoblanadi.