Messi yosh futbolchilar uchun yangi xalqaro turnir tashkil etilganini e’lon qildi
Sakkiz karra “Oltin to‘p” sohibi va Argentina terma jamoasi bilan jahon chempioni bo‘lgan Lionel Messi yoshlar jamoalari uchun yangi turnir — Messi Kubogi tashkil etilganini e’lon qildi. Bu haqda u o‘zining Instagram sahifasida xabar berdi.
Turnir 9-dekabrdan 14-dekabrgacha AQShning Florida shtatidagi Mayami shahrida bo‘lib o‘tadi. Messining aytishicha, allaqachon turli mamlakatlardan yetakchi klublar ishtirok etishini tasdiqlagan: Argentinadan — River Pleyt va Nyuells Old Boyz, AQShdan — Inter Mayami, Ispaniyadan — Barselona va Atletiko, Angliyadan — Chelsi va Manchester Siti, shuningdek Italiyadan — Inter klubi.
Messi 38 yoshda. U 2023-yildan beri Inter Mayami klubida o‘ynaydi. Faoliyati davomida Ispaniyaning Barselona va Fransiyaning Parij Sen-Jermen klublarida to‘p surgan, 10 marta Ispaniya chempioni bo‘lgan, 4 marta Chempionlar ligasi va 3 marta Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘alaba qozongan.
Argentina terma jamoasi tarkibida Messi 2022-yilgi Jahon chempionligini, 2021 va 2024-yillarda Amerika Kubogini, 2022-yilda esa Finalissimani qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u 2008-yilgi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan.
