Ronaldu faoliyatida 950 ta gol urgan birinchi futbolchi boʻldi
Saudiya Arabistonining Al-Nasr klubida to‘p surayotgan Krishtianu Ronaldu futbol tarixida faoliyati davomida 950 ta gol urgan birinchi futbolchi bo‘ldi.
Report nashrining yozishicha, portugaliyalik hujumchi Saudiya Arabistoni chempionatining oltinchi turida Al-Hazm klubiga qarshi safardagi o‘yinda gol urgan. Uning golidan so‘ng hisob Al-Nasr foydasiga 2:0 bo‘ldi.
Ronaldu ortidan AQShning Inter Mayami jamoasida o‘ynayotgan argentinalik hujumchi Lionel Messi kelmoqda — uning hisobida 891 ta gol bor.
Ronaldu 40 yoshda, u Yevropa chempioni, Chempionlar ligasining besh karra g‘olibi, Millatlar ligasining ikki karra g‘olibi, hamda milliy jamoalar, Yevropa chempionati, Chempionlar ligasi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining eng yaxshi to‘purari hisoblanadi.
U Al-Nasr klubiga 2022-yil dekabr oyida o‘tgan. Faoliyati davomida u Portugaliyaning Sporting, Angliyaning Manchester United, Italiyada Juventus va Ispaniyaning Real Madrid jamoalarida ham o‘ynagan.
