Olimlar: Yaqqin yillarda Yerda kuchli magnit bo‘ronlari bo‘lishi mumkin

Quyosh faolligi 2025-yilda o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqadi, undan keyin esa to‘rt yil davomida asta-sekin pasayadi. Shunga qaramay, ushbu davrda Quyoshda kuchli chaqnashlar va Yerda magnit bo‘ronlari yuz berishi mumkin. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar institutining Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi rahbari Sergey Bogachyov RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Jul 24, 2025 - 09:49
Olimlar: Yaqqin yillarda Yerda kuchli magnit bo‘ronlari bo‘lishi mumkin

“Quyosh sikli taxminan to‘rt yil mobaynida asta pasayadi. Ammo aynan shu vaqt oralig‘ida kutilmagan, juda kuchli hodisalar — chaqnashlar va magnit bo‘ronlari yuzaga kelishi mumkin”, — dedi Bogachyov.

Olimning so‘zlariga ko‘ra, bunday holatlar ilgari ham kuzatilgan. Masalan, XXI asrning eng kuchli Quyosh chaqnashi 2003-yilda, siklning eng yuqori nuqtasidan ikki yil o‘tib sodir bo‘lgan. Keyingi Quyosh siklida esa rekord chaqnash 2017-yilda — maksimumdan uch yil o‘tib qayd etilgan.

Bogachyov Quyosh sikllarini Yer iqlimi bilan taqqosladi: qanday qilib bahorda, may oyida ham qor yog‘ishi mumkin bo‘lsa, Quyosh faolligi pasaygan davrda ham kutilmagan kuchli chaqnashlar bo‘lishi mumkin. Uning ta’kidlashicha, haqiqatan tinch davrlar odatda atigi ikki-uch yil davom etadi. Hozirgi — 25-siklda bu yillar 2029–2030-yillar bo‘lishi kutilmoqda, balki qisman 2031-yil ham tinch o‘tishi mumkin.

Quyoshdagi jarayonlar sun’iy yo‘ldoshlar, energetika tizimlari va inson salomatligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli Perm Politexnika universiteti va Politexnika maktabining olimlari Quyosh faolligini 11 yil oldindan prognoz qilish imkonini beruvchi noyob model ishlab chiqdilar. Bu haqda universitet matbuot xizmati “Gazeta.ru”ga xabar berdi.

Loyiha rahbari, PNIIPU magistranti Georgiy Tashkinovning tushuntirishicha, ushbu model oxirgi 40–50 yil ichidagi tarixiy ma’lumotlar asosida Quyoshning 11 yillik sikllarini 90 foizdan ortiq aniqlikda tiklay oladi.