Olimlar Yerga yaqinlashayotgan noma’lum kosmik jismlardan biridan ilk signalni tutishdi

Nov 9, 2025 - 10:44
Olimlar Yerga yaqinlashayotgan noma’lum kosmik jismlardan biridan ilk signalni tutishdi

Olimlar Yerga asta-sekin yaqinlashayotgan 3I/ATLAS nomli kosmik jismlardan biridan birinchi radio signalni tutishdi. Bu haqda The Astronomer’s Telegram xabar berdi.

“1665 MHz va 1667 MHz chastotalarida OH yutilishi aniqlangan,” — deyiladi xabarda.

Signal 24-oktabr kuni Janubiy Afrikada joylashgan MeerKAT radioteleskopi yordamida qayd etilgan. Avvalgi urinishlar shu chastotalarda signalni aniqlashda muvaffaqiyatsiz bo‘lgan.

Garvard universiteti olimi Avi Loebning so‘zlariga ko‘ra, 2026-yil 16-martda, 3I/ATLAS Yupiter yonidan o‘tayotganda, “Juno” kosmik apparati obyektning past chastotali signalini tutishga harakat qiladi.

3I/ATLAS nomli obyekt birinchi marta 1-iyul kuni kuzatilgan. Keyinchalik olimlar uning boshqa yulduz tizimidan kelgan kometa ekanini aniqlashdi. Uning taxminiy yoshi 7,5 milliard yildan oshiq, bu Quyoshdan 3 milliard yil katta demakdir. Sentabr oyida esa obyekt “g‘ayritabiiy evolyutsiya” bosqichiga kirib, rangi o‘zgarishni boshlagan.

Bundan avval kongressmen Tim Berchett jurnalist Tucker Karlson bilan suhbatda harbiylar okeanda katta va tez harakatlanadigan NLO (noma’lum uchuvchi obyekt)ni kuzatganini aytgan edi. Uning ta’kidlashicha, bu obyekt suv ostida soatiga 320 km tezlikda harakatlana oladi va futbol maydoni kattaligida.

Berchettning so‘zlariga ko‘ra, bu sirli obyekt harbiylarning maxfiy texnologiyasi bo‘lishi mumkin emas, chunki AQSh harbiylari o‘z samolyotlari va suv osti kemalarini shunchalik xavf ostiga qo‘ymasdi.