Doktor Kazantseva: Retina protezi uch holatda koʻrishni tiklashi mumkin
Sun’iy retina implantatsiyasi uchta holatda — pigmentli retinit, yoshga bog‘liq makula degeneratsiyasi (YBMD) va jismoniy jarohatlar natijasida ko‘zning shikastlanishida — ko‘rishni tiklashga yordam beradi. Bu haqda Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining Pirogov nomidagi Klinik tibbiyot instituti oftalmologiya kafedrasi assistenti Angelina Kazantseva “Gazeta.Ru” nashriga ma’lum qildi.
Mutaxassisning aytishicha, bunday protezning maqsadi — yuzlarni tanish, xonada yo‘nalishni aniqlash va yirik matnlarni o‘qish imkonini beradigan darajada ko‘rish qobiliyatini yaratishdir. Bu texnologiya fotoretseptorlar butunlay yemirilgan, ammo ko‘rish nervi va miya faol bo‘lib qolgan bemorlar uchun ayniqsa dolzarbdir.
“Agar ko‘zni videokamera deb tasavvur qilsak, retina — bu ‘matritsa’, u shikastlangan, lekin ko‘rish nervi va miya ishlashda davom etadi. Implant esa shu ‘matritsani’ almashtiradi”, — dedi Kazantseva.
Mutaxassis ta’kidlashicha, AQShda ilgari yorug‘likni elektr impulslariga aylantiruvchi va retina neyronlarini shikastlangan fotoretseptorlarni chetlab o‘tkazgan holda rag‘batlantiruvchi fotovoltaik implant ishlab chiqilgan. Tajribada makula degeneratsiyasi bo‘lgan 32 bemordan 27 nafari implant yordamida o‘qiy olgan, biroq ko‘rish to‘liq tiklanmagan.
Shuningdek, rus olimlari pigmentli retinit va qisman ko‘rish funksiyasiga ega bemorlarda epiretinal protezni muvaffaqiyatli implantatsiya qilgan.
“Bu protez tizimi pigmentli retina distrofiyasining rivojlangan bosqichidagi bemorlarda ijtimoiy va vizual reabilitatsiyaga yordam berdi”, — dedi Kazantseva.
Qurilma retinaning ichki yuzasiga o‘rnatiladi va boshqa qatlamlarni chetlab o‘tgan holda ganglion hujayralarini rag‘batlantiradi. Operatsiyadan o‘tgan bemorlar murakkab ko‘rish testlarini bajarish va uch o‘lchamli obyektlarni farqlash imkoniga ega bo‘lishgan.
