“Oltin to‘p – 2025” mukofoti topshiriladigan sana va joyi ma’lum bo‘ldi
France Football jurnali tomonidan yilning eng yaxshi futbolchisiga beriladigan “Oltin to‘p” (Ballon d'Or) mukofotining topshirilish marosimi 2025-yil 22-sentabr kuni Parijda bo‘lib o‘tadi. Bu haqda mukofotning X (avvalgi Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida e’lon qilindi.
Mukofotga nomzodlar avgust oyining birinchi yarmida e’lon qilinadi.
Shuningdek, 2025-yilgi marosimda ilk bor ayollar futbolida “Eng yaxshi darvozabon”, “Eng yaxshi yosh o‘yinchi” va “Eng yaxshi hujumchi” nominatsiyalarida ham mukofotlar topshiriladi. Shunday qilib, erkaklar va ayollar futbolida mukofotlar soni teng bo‘ladi – har birida oltitadan mukofot taqdim etiladi.
“Oltin to‘p” mukofoti ilk bor 1956-yilda France Football jurnali tomonidan Yevropaning eng yaxshi futbolchisiga beriladigan mukofot sifatida ta’sis etilgan. 2010-yilda, FIFA va jurnal “Oltin to‘p” bilan “FIFA Yilning eng yaxshi futbolchisi” mukofotlarini birlashtirganini e’lon qilgan edi. Ammo 2016-yil sentabr oyida France Football FIFA bilan hamkorlikni to‘xtatdi. 2024-yildan boshlab esa jurnal Yevropa Futbol Assotsiatsiyalari Ittifoqi (UEFA) bilan hamkorlik qilmoqda.
