Qizil qulupnayning yashirin xavfi: shifokor ogohlantiradi

Nov 6, 2025 - 11:04
Qizil qulupnayning yashirin xavfi: shifokor ogohlantiradi

Ispaniyalik shifokor va jamoat salomatligi bo‘yicha mutaxassis David Sespedes qulupnayda pestitsidlarning yuqori konsentratsiyasiga e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu meva boshqa ko‘plab mevalar va sabzavotlarga nisbatan ko‘proq kimyoviy moddalarni o‘zida jamlaydi. Bu haqda ekspert Mirror nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Pestitsidlar — bu zararkunandalarni, masalan, hasharotlar, begona o'tlar, mog‘or va boshqa zararli organizmlarni yo‘q qilish yoki ularning rivojlanishini bostirish uchun ishlatiladigan kimyoviy moddalar. Shuningdek, pestitsidlar inson va hayvonlar uchun xavfli bo‘lgan yuqumli kasalliklarni tashuvchi organizmlarga qarshi ham ishlatilishi mumkin. Biroq, ba’zi pestitsidlar tez zaharlanishga yoki surunkali kasalliklar rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ko‘plab odamlar qulupnayni faqat suv bilan yuvish yetarli deb hisoblaydi.

“Eng keng tarqalgan xato — mevani bir necha soniya suv ostida yuvish va keyin uni nam holda muzlatgichda saqlash. Bu usul pestitsid qoldiqlarini yo‘q qilmaydi va mahsulotning buzilishini tezlashtiradi,” dedi Sespedes.

Kimyoviy moddalar ta’sirini kamaytirish uchun u qulupnayni 10 daqiqa tuzli suvda yoki 3% sirka suvida namlash, yaxshilab quritish va yaxshi havo aylanuvchi idishda saqlashni tavsiya qiladi. Hatto oz miqdordagi pestitsidlar ham vaqt o‘tishi bilan, ayniqsa bolalar va immuniteti zaif kishilar uchun zararli bo‘lishi mumkin.