Xitoy toriya asoslangan innovatsion dengiz reaktorini yaratdi
Xitoy og‘ir yuk tashuvchi kemalarda foydalanish uchun toriy bilan ishlaydigan reaktor yaratdi.
Report nashrining South China Morning Post (SCMP) gazetasiga tayanib xabar berishicha, bu reaktor birinchi marta Xitoyda qurilayotgan dunyodagi eng yirik konteyner kemalariga o‘rnatilishi mumkin.
Toriy — yadroviy yoqilg‘i sifatida ishlatiladigan element bo‘lib, u urandan xavfsizroq hisoblanadi, chunki uning radioaktivligi past va sovutish uchun suv talab qilinmaydi.
«Agar ushbu texnologiya keng miqyosda muvaffaqiyatli tatbiq etilsa, u dengiz transportida yangi davrni boshlab berishi mumkin», — deyiladi xabarda.
Uran asosidagi yadroviy reaktorlardan farqli ravishda, yangi xitoycha reaktor sovutish tizimlariga muhtoj emas va toriydan — xavfsizroq yoqilg‘idan foydalanadi.
Reaktor Xitoyda yaratilayotgan konteyner kemalariga o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Bu kemalar 14 ming konteyner tashiy oladi. Toriy reaktori 50 MVt elektr energiyasi ishlab chiqaradi — bu kemaning yillar davomida yoqilg‘i quyilmasdan okeanlarda suzishiga imkon beradi. Favqulodda holatlar uchun kemada 10 MVt quvvatli zaxira dizel generator ham o‘rnatiladi.
SCMP nashriga ko‘ra, agar ushbu texnologiya amalda o‘zini oqlasa va keng qo‘llanilsa, u tijorat dengiz transporti va harbiy kema qurilishi sohasida inqilob yasashi mumkin.
