Turkiy davlatlar TurkMET nomli mintaqaviy metrologiya tashkilotini tuzishni rejalashtirmoqda

Oct 24, 2025 - 17:23
Oct 24, 2025 - 17:24
Turkiy davlatlar TurkMET nomli mintaqaviy metrologiya tashkilotini tuzishni rejalashtirmoqda

Yaqqin kunlarda turkiy davlatlarning TurkMET nomli mintaqaviy metrologiya tashkiloti tuzilishi mumkin.

Report axborot agentligining xabar berishicha, bu haqda Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT) bosh kotibi Kubanishbek Omuraliyev Boku shahrida boʻlib oʻtgan TDTga a’zo davlatlarning sanoat, fan, texnologiya va innovatsiyalar boʻyicha vazirlarining 2-yigʻilishida ma’lum qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, tayyorgarlik ishlari allaqachon davom etmoqda va a’zo davlatlar TurkMET nizomi boʻyicha oʻz takliflarini taqdim etgan.

“Biz hujjatning yaqin kelajakda imzolanishini kutmoqdamiz. Shu bilan birga, Qirgʻiziston tashabbusi bilan TDTga a’zo davlatlarning standartlashtirish idoralari oʻrtasida oʻzaro anglashuv toʻgʻrisidagi memorandum tayyorlandi. Ushbu hujjat turkiy mintaqada institutsional hamkorlikni, oʻzaro tan olishni va standartlarni uygʻunlashtirishni kuchaytirishda muhim qadam boʻladi,” — dedi Omuraliyev.

U, shuningdek, turkiy davlatlar kosmik texnologiyalar sohasida faol hamkorlikni rivojlantirayotganini ta’kidladi — Turkiyaning CubeSat loyihasidagi ishtirokidan tortib, Ozarbayjonning hamkorlik uchun huquqiy asos yaratish boʻyicha ishlariga qadar.