Turkmenistonda kirish imtihonlari boshlandi

Jul 31, 2025 - 09:03
Turkmenistonda kirish imtihonlari boshlandi

30-iyul kuni Turkmenistonda mamlakatdagi oliy o‘quv yurtlariga, shuningdek, o‘qituvchilik, tibbiyot va madaniyat yo‘nalishidagi o‘rta maxsus o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari boshlandi.

O‘quv yurtlariga qabul bo‘yicha kirish imtihonlari oliy va o‘rta maxsus taʼlim muassasalari joylashgan hududlarda o‘tkazilmoqda.

Turkmeniston Taʼlim vazirligining "Amul Info" xabariga ko‘ra, 2025–2026-o‘quv yili uchun mamlakatdagi oliy o‘quv yurtlariga 16 782 nafar, o‘rta maxsus o‘quv yurtlariga esa 10 879 nafar talaba qabul qilish rejalashtirilgan.

Avval xabar qilinganidek, oliy o‘quv yurtlariga, shuningdek, o‘qituvchilik, tibbiyot va madaniyat yo‘nalishidagi o‘rta maxsus o‘quv yurtlariga hujjatlar 14-iyuldan 27-iyulgacha qabul qilindi. Shu bilan birga, moliya-iqtisod va xo‘jalik hisobidagi o‘rta maxsus o‘quv yurtlariga abituriyentlardan hujjatlar 18-avgustgacha qabul qilinadi.

Shuni ham eslatib o‘tamizki, yangi o‘quv yilidan boshlab Turkmeniston oliy o‘quv yurtlarida 4 ta mutaxassislik yo‘nalishi, 5 ta bakalavriat va 4 ta magistratura dasturi bo‘yicha yangi taʼlim yo‘nalishlari ochilgan.