Xitoy dunyodagi birinchi megavatt quvvatga ega havo shamol turbinasini osmonga uchiradi
Xitoy qayta tiklanuvchi energiya sohasida yana bir yirik yutuqqa erishmoqda. Mamlakatda dirijabl shakliga ega bo‘lgan, dunyodagi birinchi megavatt quvvatga ega havo shamol elektr stansiyasi sinovga tayyorlanmoqda. Ushbu innovatsion tizimni Pekinda joylashgan SAWES Energy Technology kompaniyasi ishlab chiqqan va u S1500 deb nomlangan.

S1500 1500 metr balandlikka ko‘tarilib, yuqori atmosferadagi kuchli va barqaror shamollar yordamida bir megavattgacha elektr energiyasi ishlab chiqarishga qodir. Bu, diametri taxminan 100 metr bo‘lgan an’anaviy yer usti shamol turbinasining quvvatiga teng.
Tizim geliy bilan to‘ldirilgan aerostatdan iborat bo‘lib, u havoga ko‘tariladi va osmondagi maxsus modulni ko‘tarib turadi. Ushbu modul ichida 12 ta mikro turbina halqa shaklidagi havo oqim yo‘lagiga o‘rnatilgan. Shamol oqimi turbinalarni aylantiradi, energiya ishlab chiqiladi va kabel orqali yerga uzatiladi.
Bu tizimning 1,5 km balandlikda ishlashi uni an’anaviy turbinalardan ustun qiladi, chunki u balandroq, kuchliroq va barqarorroq shamollardan foydalanadi. Mutaxassislarning fikricha, bunday stansiya an’anaviy turbinalarga nisbatan 27 baravar samaraliroq bo‘lishi mumkin.
Bu yangilik ekologik toza, mobil va yuqori samarali energiya manbalariga yo‘l ochadi. Ayniqsa, olis yoki infratuzilmasi mavjud bo‘lmagan hududlar uchun bunday havo elektr stansiyalari muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan Xitoy toza energiya sohasida global yetakchiligini yana bir bor isbotlamoqda.