"Nokia telefonlari bozordan chiqmaydi"
Nokia va HMD Global kompaniyalari o‘zaro litsenziya shartnomasini yana bir necha yilga uzaytirishga kelishib oldilar. Biroq, yangi kelishuvga ko‘ra, Nokia smartfonlari ishlab chiqarilmaydi, hamkorlik faqat tugmali telefonlar bilan cheklanadi. Bu haqda Gazeta.ru nashri GizmoChinaga tayanib xabar berdi.
Aslida qo‘shma ishlab chiqarish muddati 2026-yilda yakunlanishi kerak edi, ammo yangi kelishuv asosida bu muddat yana 3 yilga uzaytirildi. Kompaniyalar bu borada hali rasmiy bayonot bermagan.
Nokia HMD Global telefonlari Hindiston va Xitoydagi zavodlarda ishlab chiqariladi. Shu bilan birga, Hindiston sotuv hajmi va eksport markazi sifatida asosiy bozor bo‘lib qolmoqda.
IDC tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, HMD Global Hindiston bozorida ishonchli yetakchilikni saqlab qolgan va tugmali telefonlar savdosining 22,4 foizini egallagan. 2024-yilda Hindistonda 54 millionga yaqin tugmali telefon sotilgan.
