Yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik
Yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi, Halaç tumanida ham yangi o‘quv yiliga keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari olib borildi. Tumandagi o‘rta maktablarda sifatli ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Ana shunday maktablardan biri — Altyn Asyr qishloq fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 29-o‘rta maktab bo‘lib, bu yerda ham zarur ishlar o‘z vaqtida bajarildi.

Hozirgi kunda ushbu maktabda 700 dan ortiq o‘quvchi ta’lim oladi. Ularni 57 nafar o‘qituvchi o‘qitadi. Barcha o‘qituvchilar malakali, fidokor ustozlardir. Gulnar Hudaýberenova, Ogulkeyik Hudaýberdiýewa, Merdan Joraýew, Aman Gurbangeldiýew kabi ustozlar o‘quvchilarga bilim va tarbiya berishda katta mehnat qilmoqdalar.
Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari yuqori darajada tashkil etildi. Sinf xonalari, yo‘laklar yangidan bo‘yalib, zamonaviy va jozibador ko‘rinishga keltirildi. Bu esa maktabga kelgan har bir kishining ko‘nglini ko‘taradi.
Maktab direktori Atamyrat Jumayew shunday deydi:
— Tumanda bolalarning zamonaviy sharoitlarda ta’lim olishi uchun barcha zarur imkoniyatlar yaratilmoqda. Har yili tuman hokimligi va kasaba uyushmalari tomonidan maktablarni yangi o‘quv yiliga tayyorlash bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi. Maktabimiz bu tanlovda doimo yetakchi o‘rinlarni egallab keladi. Xalqaro Tinchlik va Ishonch yili munosabati bilan bu yil ham maktabimizni sifatli tayyorladik. Joriy yilda 1-sinfga 50 ga yaqin bola kelishi kutilmoqda. Ularni tajribali o‘qituvchilarga ishonib topshiramiz. Hozirgi kunda bolalarni maktab hayoti bilan tanishtirib, tayyorgarlik mashg‘ulotlarini olib boryapmiz. Pokiza va yorug‘ sinf xonalarimiz bolalarni intiqlik bilan kutmoqda.
Yangi o‘quv yilidan oldin yaratilgan sharoitlar va amalga oshirilgan ishlar bolalarning sifatli ta’lim olishini ta’minlaydi. Bu esa kelajak avlodning barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishishiga xizmat qiladi.