Yaponiyada loydan mustahkam uylar qurishni o‘rgandilar

Popular Science ilmiy-ommabop jurnalining xabar berishicha, Yaponiyaning Lib Work qurilish kompaniyasi tuproq, ohak (kalsiy asosli birikma) va tabiiy o‘simlik tolalarining aralashmasidan 3D-printer yordamida chop etiladigan yangi turdagi uylarning savdosiga tayyorlanayotganini e’lon qildi.

Jul 28, 2025 - 17:23
Yaponiyada loydan mustahkam uylar qurishni o‘rgandilar

Odatda 3D texnologiyasi orqali qurilgan uylar plastik yoki tsement asosidagi materiallardan tayyorlanadi. Ammo yapon muhandislari mutlaqo yangi yondashuvni taklif etib, faqat tabiiy materiallardan foydalanishni ma’qul ko‘rishdi. Qurilish materiali sifatida loyga mustahkamlovchi ohak aralashtiriladi, so‘ngra o‘simlik tolalari bilan kuchaytiriladi. Lib Work kompaniyasining ta’kidlashicha, ushbu aralashmadan tayyorlangan uylar avvalgi tsementli modellarga nisbatan besh baravar mustahkamroq bo‘ladi.

Qurilish jarayoni ham innovatsion tarzda olib boriladi: 3D-printer to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurilish maydonchasida o‘rnatiladi va uy karkasini (asosiy tuzilmasini) bosib chiqaradi. Shundan so‘ng, mutaxassislar eshik, deraza, sanitariya uskunalari va muhandislik tizimlarini o‘rnatadilar. Yangi uylarga quyosh panellari va batareyalar ham o‘rnatiladi, bu esa ularning energiyaga mustaqil bo‘lishini ta’minlaydi.

Sinov qurilishi davomida uy devorlariga namlik darajasi va issiqlik o‘tkazuvchanligini o‘lchovchi sensorlar o‘rnatildi. Uylar foydalanishga topshirilgach, mutaxassislar ularning holatini monitoring qilishni davom ettiradilar — mumkin bo‘lgan zararlar yoki og‘ishlar doimiy nazorat ostida bo‘ladi.

Kompaniya bunday uylarning savdosini 2025-yil avgust oyida boshlashni rejalashtirgan. Ishlab chiqaruvchilarning ta’kidlashicha, mahalliy tabiiy materiallardan foydalanish va energiyani ko‘p talab qiluvchi komponentlardan voz kechish bu texnologiyani nafaqat ekologik jihatdan barqaror, balki ommaviy qo‘llash uchun istiqbolli ham qiladi.