Yo‘lovchi samolyoti dispetcher uxlab qolgani sababli dengiz ustida aylanishga majbur bo‘ldi

Parijdan Korsikaga uchayotgan yo‘lovchi samolyoti aeroport ustida bir necha marta aylanishga majbur bo‘ldi. Bunga sabab — ish joyida uxlab qolgan havo harakati dispetcheri bo‘ldi. "MIR 24" nashrining Frantsiya Fuqaro aviatsiyasi ma’muriyatiga tayanib xabar berishicha, Ayyachcho aeroportidagi yagona qo‘nish yo‘lagi chiroqlari yoqilmagan.
Natijada, samolyot qo‘na olmay, O‘rta yer dengizi ustida 18 daqiqa davomida aylanishga majbur bo‘ldi. Bu vaqtda aeroport yong‘in xavfsizligi xodimlari dispetcher minorasi bilan aloqa o‘rnatishga harakat qilishdi, ammo muvaffaqiyatsiz bo‘lishdi va politsiyani chaqirishdi. Huquq-tartibot organlari voqea joyiga kelib, uxlab yotgan xodimni uyg‘otishga majbur bo‘lishdi.
Shundan so‘ng samolyot muammosiz qo‘ndi. Politsiya boshlig‘i bunday hodisani o‘zining bir necha o‘n yillik xizmatida birinchi marta ko‘rganini aytdi. Shunga qaramay, barchasi o‘zini xotirjam tutdi, yo‘lovchilar esa vaziyatga kulimsirab qarashdi.
Tekshiruv davomida uchish va qo‘nish uchun mas’ul bo‘lgan xodimning mast emasligi aniqlandi, biroq unga nisbatan intizomiy choralar ko‘rilishi rejalashtirilayotgani ta’kidlandi.