Oyda qaysi ekinlar o‘sishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi

Sep 21, 2025 - 12:06
Oyda qaysi ekinlar o‘sishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi

Kent universiteti olimlari Oyga o‘xshash tuproqda choy yetishtirish mumkinligini isbotlashdi. Tajriba Britaniyadagi «Dartmoor Tea» choy plantatsiyasi, «Lightcurve Films» studiyasi va «Europlanet» tashkiloti ishtirokida o‘tkazildi, deb xabar beradi «Gazeta.ru». Kashfiyot natijalari «Space Agriculture Workshop» (SAW) ilmiy anjumanida taqdim etildi.

Choy ko‘chatlari Oy va Mars tuprog‘iga o‘xshash tuproqlarga ekildi. Sharoitlar kosmik muhitga iloji boricha yaqin tarzda yaratildi. Natija kutilmagan bo‘ldi: choy ko‘chatlari Oy tuprog‘ida ildiz otdi va boshqa tuproqlarga ekilganlarga nisbatan kam o‘sishmadi. Ammo Mars tuprog‘ida ekilganlari qurib qoldi.

Ilmiy tadqiqot rahbari professor Nayjel Meyson shunday dedi: «Tajriba natijalari shuni ko‘rsatadiki, kelajakda odamlar Oyga joylashganda, choy va boshqa ekinlarni yetishtirib, o‘zlarini yangi oziq-ovqat bilan ta’minlay oladi, hatto Britaniya choyini ham yetishtirish mumkin bo‘ladi.»

Doktor Sara Lopes-Gomolyon esa shunday qo‘shimcha qildi: «Biz Oy tuprog‘ida choy yetishtirish mumkinligini aniqlab, birinchi qadamini qo‘ydik. Navbatdagi qadam – o‘simliklarning bu sharoitlardagi fiziologiyasini o‘rganishdir. Bu ularning o‘sishini yaxshilashga va olingan tajribani boshqa ekinlarga ham qo‘llashga imkon beradi.»