Allergiya o‘pka saratoni xavfini kamaytirishi mumkin: olimlar yangi faktlarni ochdi
Allergik rinit va ekzema — o‘pka saratoniga chalinish xavfini kamaytirishi mumkin. AQShlik olimlar tomonidan olib borilgan keng ko‘lamli tahlil ana shunday xulosani berdi. Tadqiqot natijalari Frontiers in Medicine jurnalida chop etildi.

Tadqiqotchilar ilgari chop etilgan 10 ta ilmiy maqolani tahlil qilib, jami 3,8 milliondan ortiq odamning sog‘lig‘i haqidagi ma’lumotlarni o‘rganishdi. Ularning asosiy maqsadi — allergik reaksiya turlarining o‘pka saratoni rivojlanishiga qanday ta’sir qilishini aniqlash edi. Biroq, bronxial astma (nafas yo‘llarining surunkali yallig‘lanishi) tahlildan chiqarib tashlandi, chunki u o‘pka saratoni xavfi bilan avvaldan bog‘liq ekani isbotlangan va bu umumiy natijalarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin edi.
Natijalar shuni ko‘rsatdiki, allergik rinid (burun bitishi va yallig‘lanishi) mavjud bo‘lgan odamlarda o‘pka saratoniga chalinish xavfi 26% ga kam bo‘ladi. Ayniqsa, erkaklar va ayollar o‘rtasidagi tafovutlar qiziqarli bo‘ldi: erkaklar orasida ekzema — surunkali teri yallig‘lanishi — kutilmagan himoya omili sifatida paydo bo‘ldi. Ayollar orasida esa umumiy allergiyaga moyillik saraton xavfi bilan salbiy bog‘liq bo‘lib chiqdi, biroq aynan rinitning mustaqil ta’siri statistik jihatdan sezilarli darajada bo‘lmadi.
Himoya ta’sirining ehtimoliy sabablari
Olimlarning fikriga ko‘ra, bu kabi himoya mexanizmi immun tizimning faollashuvi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Allergik reaksiyalar vaqtida organizmda E sinfli immunoglobulinlar (IgE) deb nomlangan maxsus antitanachalar faollik bilan ishlab chiqariladi. Ular odatda allergenlarga qarshi kurashadi, ammo so‘nggi tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu antitanachalar saraton hujayralarini erta bosqichda aniqlab, yo‘q qilishga ham yordam berishi mumkin.
Shu bilan birga, muqobil nazariya ham mavjud: uzoq muddatli immun tizim stimulyatsiyasi, aksincha, hujayralarda mutatsiyalarning paydo bo‘lishiga va saraton rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun, mualliflar bu jarayonning patofiziologiyasini chuqurroq tushunish, o‘pka saratoni profilaktikasi va xavfini baholashda foydalanish uchun qo‘shimcha ilmiy izlanishlar o‘tkazish zarurligini ta’kidlaydilar.