Amerikalik olimlar jigar saratoniga qarshi guavadan olinadigan tabiiy moddani ishlab chiqdi
Amerikalik tadqiqotchilar guava mevasida mavjud bo‘lgan va jigar saratoni rivojlanishini sekinlashtira oladigan tabiiy birikmalarni arzon va samarali usulda sintez qilish yo‘lini ishlab chiqdilar. Tadqiqot natijalari Angewandte Chemie ilmiy jurnalida eʼlon qilindi.

Hozirgi kunda klinikada qoʻllanilayotgan ko‘plab dorilar tabiiy manbalarga asoslangan. Masalan, tut daraxti po‘stlog‘ida mavjud bo‘lgan salisin organizmda salisil kislotasiga aylanadi — bu aspirin dori vositasining asosidir. Biroq bu kabi dori vositalarini keng miqyosda ishlab chiqarishda ko‘pincha xomashyo yetishmovchiligi muammo tug‘diradi.
Shu sababli, professor Uilyam Cheyn boshchiligidagi guruh guavada uchraydigan va saraton hujayralariga qarshi kuchli taʼsir ko‘rsatadigan tabiiy moddalarning to‘liq kimyoviy sintez usulini ishlab chiqdi.
Olimlar oddiy va arzon xom ashyodan bu moddalarni katta miqdorda olish imkonini beruvchi "kimyoviy retsept"ni taklif qilishdi.
“Endi istalgan tadqiqotchi bizning usulimizni takrorlashi va ehtimol undan ham qisqaroq yo‘lni topishi mumkin. Yo‘lni birinchi bo‘lib biz ochdik”, — deydi doktorant va maqola mualliflaridan biri Liam O’Grady.
Nega bu muhim
AQShda har yili 42 mingdan ortiq jigar va o‘t yo‘llari saratoni holatlari aniqlanadi, ularning 30 mingdan ortig‘i halokatli yakun topadi. Kasallik kech bosqichga o‘tgan holatlarda besh yillik omon qolish darajasi 15% dan kam, mavjud kimyoterapiya usullari esa sog‘liqni saqlash tizimi uchun milliardlab dollar xarajat talab qiladi.
Yangi topilma arzon, samarali va xalq uchun ochiq bo‘lgan saraton davo usullarining ishlab chiqilishiga yo‘l ochadi.
Hozirda olimlar AQSh Milliy Saraton Instituti bilan hamkorlikda bu sintez qilingan moddalarni boshqa saraton turlariga qarshi ham sinab ko‘rishmoqda.