Olimlar yuqori intellekt sirini ochishdi
Cell Reports: yuqori intellekt miyaning “ichki xaritalar” tuzish qobiliyati bilan bogʻliq
Yuqori darajadagi mantiqiy fikrlash qobiliyatiga ega odamlar fazodagi narsalarning joylashuvini yaxshiroq tasavvur qila oladi. Bu xulosa Germaniyadagi Maks Plank nomidagi Inson Kognitiv va Miya Fanlari institutining neyrobiologlari tomonidan e’lon qilindi. Tadqiqot Cell Reports jurnalida chop etilgan.
Olimlar aniqlashdiki, intellektning asosiy jihatlaridan biri — miyaning tajribaning turli elementlari oʻrtasidagi munosabatlarni qanday kodlashiga bogʻliq. Bu jarayon asosan xotira va fazoviy yoʻnalishni boshqaradigan gipokamp bilan bogʻliq.
Tajriba davomida ishtirokchilar virtual muhitda turli narsalarning joylashuvini yod olishdi. Bir necha mashgʻulotlardan soʻng ular har bir obyektning joyini deyarli xatosiz qayta tiklay olishdi. Funktsional MRT yordamida olimlar gipokamp faoliyatini kuzatishdi va shuni aniqlashdiki:
qanchalik yuqori “suyuqlik intellekti” (yangi muammolarni hal qilish va qonuniyatlarni topish qobiliyati) boʻlsa, miyadagi obyektlar orasidagi masofalarni shunchalik aniq tasavvur etiladi — goʻyo “aqliy xarita” yaratilayotgandek.
Bu bogʻliqlik xotira hajmi va topshiriq aniqligi hisobga olinganda ham saqlanib qoldi. Demak, intellekt faqat eslab qolingan ma’lumot miqdoriga emas, balki miyadagi tajriba unsurlari orasidagi aloqalarni qanday tuzishiga bogʻliq.
“Tadqiqotlarimiz shuni koʻrsatadiki, inson intellekti alohida ma’lumotlarni yagona kognitiv tuzilma sifatida birlashtira olish qobiliyatiga tayanadi. Bu esa moslashuvchan fikrlash va oqilona qaror qabul qilishga yordam beradi,” — deyishdi mualliflar Rebekka Tenderra va Stefani Teves.
Ularning fikricha, gipokamp nafaqat xotira ombori, balki bilimlarni strukturalangan sxemalarga joylashtiruvchi markaz hamdir. Bu imkoniyat insonni tez moslashishga, yangi masalalarni hal qilishga va toʻliq boʻlmagan ma’lumotlardan xulosa chiqarishga yordam beradi.
Keyingi tadqiqotlarda olimlar bu effekt faqat fazoviy munosabatlardagina emas, balki mantiqiy va tushunchaviy bogʻliqliklarga ham tatbiq etiladimi — shuningdek, bu mexanizmlar yosh oʻtishi bilan qanday rivojlanadi — shularni oʻrganishni rejalashtirmoqdalar.
