Amerikalik fizik 3I/ATLASning yot sayyoralik kelib chiqishi haqidagi taxminni izohladi
Amerikalik nazariy fizik Mitio Kaku sirli yulduzlararo obyekt 3I/ATLAS haqida o‘z fikrini bildirdi. Bu obyektning yot sayyoraliklar tomonidan yaratilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi bahslar olimlar orasida katta qiziqish uyg‘otgan. Fizik Newsmax telekanaliga bergan intervyusining parchasini o‘zining X (sobiq Twitter) sahifasida joylashtirdi.
3I/ATLAS — Quyosh tizimiga yulduzlararo fazodan kirib kelgani tasdiqlangan uchinchi obyekt.
Kakuning aytishicha, ko‘pchilik olimlar 3I/ATLASni oddiy yulduzlararo obyekt deb hisoblaydi. Ammo kichik, lekin tobora faol bo‘layotgan tadqiqotchilar guruhi bu jismlar sun’iy yoki aql-idrok tomonidan boshqarilayotgan bo‘lishi mumkin deb taxmin qilishadi.
“Agar u Quyosh atrofidan o‘tishda qo‘shimcha energiya olsa, bu energiyaning saqlanish qonunini buzadi. Bu esa uni ongli kuch boshqarayotganining aniq belgisi bo‘ladi,” — dedi Kaku.
Bir necha kundan so‘ng fizik X orqali, intervyudan keyin internetda sun’iy intellekt yordamida yaratilgan soxta videolar ko‘payganini va ular uning nomidan yolg‘on bayonotlar tarqatayotganini ma’lum qildi.
3I/ATLAS obyektini 1-iyulda kuzatishgan. U diametri 24 km bo‘lgan qadimiy kometa bo‘lib, 7,5 milliard yildan ortiq yoshga ega.
Garvard universiteti astrofizigi Avi Loeb hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025-yil 19-dekabrda obyekt Yerga eng yaqin nuqtaga — taxminan 267 million kilometr masofagacha yaqinlashadi. Shunda, uningcha, obyektning sun’iy kelib chiqishiga oid savollarga aniqlik kiritish mumkin bo‘ladi.
