Eron hukumati qurg‘oqchilik sharoitida sun’iy yomg‘ir yog‘dirish uchun sun’iy bulut yaratishni boshladi
Davom etayotgan qurg‘oqchilik sababli Eron hukumati yomg‘ir yog‘dirish maqsadida reagentlar sepish orqali sun’iy bulut yaratishni boshladi.
Bulut yaratish — kumush yoki kaliy yodid kabi maxsus kimyoviy moddalarni samolyotlar yoki yerusti uskunalari yordamida bulut ichiga purkash jarayonidir. Bu jarayon suv bug‘ining kondensatsiyasini tezlashtirib, yog‘ingarchilikka sabab bo‘ladi.
IRNA rasmiy agentligining xabariga ko‘ra, shanba kuni bu ish sho‘r Urmiya ko‘li hududida amalga oshirildi.
Urmiya — Eronning eng yirik ko‘llaridan biri bo‘lib, Kaspiydan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Ammo ko‘p yillik qurg‘oqchilik oqibatida ko‘lning katta qismi qurib, sho‘rxok maydonga aylangan.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, sun’iy bulut yaratish ishlari ko‘l atrofidagi G‘arbiy va Sharqiy Ozarbayjon viloyatlarida davom ettiriladi (bu viloyatlar Ozarbayjon Respublikasi bilan chegaradosh).
Eron Meteorologiya Tashkilotiga ko‘ra, joriy yilda mamlakatda yog‘ingarchilik miqdori koʻp yillik me’yoridan 89% past bo‘lgan.
9 milliondan ziyod aholiga ega poytaxt Tehronda suv omborlarining to‘lish darajasi 10% dan ham pastga tushgan. Hukumat suv taqsimotiga cheklovlar kiritilishi mumkinligini, Prezident Masud Pezeshkian esa ba’zi hududlarda aholining ko‘chirilishi zarur bo‘lishi mumkinligini aytdi.
