Garri Keyn Bundesligada tarixiy rekord o‘rnatdi
2025-yil 4-oktyabr kuni Bundesliganing 6-turi doirasida o‘tkazilgan o‘yinda Myunxenning “Bavariya” klubi hujumchisi Garri Keyn tarixiy yutuqqa erishdi. Myunxen klubi Frankfurtning “Ayntraxt” jamoasini 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvning 27-daqiqasida Garri Keyn Luis Diasning uzatmasidan so‘ng jamoasining ikkinchi golini urdi.
Bu gol Keyn uchun joriy Bundesligadagi 11-gol bo‘ldi. Shu tariqa, u Germaniya chempionati tarixida mavsumning dastlabki 6ta o‘yinida 11ta gol urgan birinchi futbolchiga aylandi. Bu natija avvalgi barcha rekordlarni ortda qoldirib, Bundesligada yangi sahifa ochdi.
Hozirda Garri Keyn 2025/26-yilgi mavsumda klub darajasida 10ta o‘yinda 18ta gol urgan. Bunday yuqori natijadorlik bilan u Yevropa futbolining eng samarali hujumchilaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
