Hakerlar Qantas aviakompaniyasining 5,7 million mijoziga oid ma’lumotlarni darknetda e’lon qilishdi
Avstraliyaning eng yirik aviakompaniyasi Qantas mijozlarining 2025 yil yozida hakerlar tomonidan o‘g‘irlangan shaxsiy ma’lumotlari internetning qorong‘u qismlarida (darknet) ommaga oshkor qilindi.
Report axborot agentligining 9News telekanaliga tayanib bergan xabariga ko‘ra, jinoyatchilar ma’lumotlarni shunchaki emas, balki kompaniyaning to‘lov (badal) talabini rad etgani uchun e’lon qilishganini aytishgan.
Yoyilgan ma’lumotlar orasida mijozlarning to‘liq ismlari, tug‘ilgan sanalari, elektron pochta manzillari va tez-tez uchadigan yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan sodiqlik kartalari raqamlari mavjud. Shuningdek, ba’zi taniqli avstraliyalik siyosatchilar va jamoat arboblarining shaxsiy ma’lumotlari — uy manzillari va telefon raqamlari ham tarqalgan. Biroq aviakompaniya kredit karta ma’lumotlari va pasport raqamlari hakerlarning qo‘liga tushmaganini ma’lum qilgan.
“Kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar bilan birga qanday ma’lumotlar oshkor bo‘lganini aniqlayapmiz va qo‘shimcha xavfsizlik choralarini ko‘ryapmiz”, — deya bayonot berdi kompaniya. Shuningdek, ular hukumat idoralari va federal politsiya bilan hamkorlik qilayotganliklarini bildirgan.
