Ilon Mask: Marsda shahar qurish narxi 1 trilliondan 1000 trillion dollargacha bo‘lishi mumkin

Oct 20, 2025 - 12:18
Ilon Mask: Marsda shahar qurish narxi 1 trilliondan 1000 trillion dollargacha bo‘lishi mumkin

Yangi kosmik dasturlarni amalga oshirayotgan mashhur tadbirkor Ilon Mask Marsda birinchi inson shahrini qurish narxi juda yuqori bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi. Uning taxminiga ko‘ra, ushbu loyiha umumiy qiymati 1 trillion dollardan 1000 trillion dollargacha o‘zgarishi mumkin.

Maskning so‘zlariga ko‘ra, bu narx raketa texnologiyalarining rivojlanish darajasiga bevosita bog‘liq. Agar texnologiyalar hozirgi darajadan ming barobar rivojlansa, 40 yil davomida qurilish xarajatlari taxminan 1 trillion dollarga, yiliga 25 milliard dollardan kamroq miqdorga tushishi mumkin.

SpaceX kompaniyasi rahbari birinchi Starship kosmik kemasining 2026 yil oxirida Marsga yuborilishi kutilayotganini aytdi. Ushbu parvozda kompaniya tomonidan yaratilayotgan Optimus nomli inson shaklidagi robot ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Ilon Mask Marsga birinchi uchadigan kemaga “Heart of Gold” (“Oltin Yurak”) nomini berishni xohlashini ham ma’lum qildi. Bu nom britaniyalik yozuvchi Daglas Adamsning mashhur fantastik kitobi “Galaktikada avtostop bilan sayohat”ga hurmat sifatida tanlangan.

Shuningdek, Mask “Ars Technica” jurnali muharriri Erik Bergerning Starship loyihasining muvaffaqiyatga erishish imkoniyati haqidagi shubhalariga javoban, maqsadiga bo‘lgan ishonchini qat’iy ekanligini ta’kidladi.

Ilon Mask fikricha, insoniyatning Marsda yashashni yo‘lga qo‘yishi nafaqat ilmiy yutuq bo‘libgina qolmay, balki dunyo sivilizatsiyasining yangi boshlanishi bo‘ladi.