Kunduzgi bepul elektr energiyasi: Avstraliya uy xo‘jaliklari uchun quyosh dasturini joriy qilmoqda
Avstraliya uchta shtatda istiqomat qiluvchi aholi uchun har kuni kamida uch soat davomida bepul quyosh elektr energiyasini taklif qilmoqchi — hatto tomida quyosh panellari bo‘lmaganlar uchun ham. Federal hukumat Solar Sharer dasturi 2026-yil iyul oyida ishga tushirilishini e’lon qildi. Bu dastur Yangi Janubiy Uels, Janubiy Avstraliya va Janubi-sharqiy Kvinslend aholisi uchun quyoshli paytlarda bepul elektr beradi.
Taklif aqlli hisoblagichlar o‘rnatilgan uy xo‘jaliklari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ular mamlakatda keng tarqalgan. Bepul energiya vaqtida aholilar kir yuvish mashinasi, idish yuvish mashinasi, konditsioner ishlatishi yoki elektromobillar hamda uy akkumulyatorlarini quvvatlashi mumkin bo‘ladi.
Reja 2027-yilgacha boshqa hududlarga ham kengaytirilishi mumkin. U Avstraliyaning ayrim qismlarida elektr chakana narxlarini cheklovchi “standart bozor taklifi” qoidalarini o‘zgartirish orqali amalga oshiriladi.
Avstraliyada hozirda to‘rt milliondan ortiq tomga o‘rnatilgan quyosh energiyasi tizimlari mavjud. Ular ko‘pincha kunduz kunlari ortiqcha energiya ishlab chiqaradi, bu esa elektr narxlarining manfiy bo‘lishiga olib keladi. Ammo kechki paytdagi yuqori talab tarmoqka yuklama beradi.
Solar Sharer dasturi energiya iste’molini quyosh ishlab chiqarish eng yuqori bo‘lgan vaqtga ko‘chirishni maqsad qiladi. Bu tashabbus elektr tarmog‘ini barqarorlashtirishga, cho‘qqi soatlarda narxlarni pasaytirishga va qimmat infratuzilma yangilanishiga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirishga yordam beradi.
