Starlink tizimi 150 mamlakatga kengaydi — foydalanuvchilar soni 7,6 milliondan oshdi

Oct 20, 2025 - 12:13
Starlink tizimi 150 mamlakatga kengaydi — foydalanuvchilar soni 7,6 milliondan oshdi

Dunyo bo‘ylab yuqori tezlikdagi internetga kirishni kengaytirish maqsadida yaratilgan Starlink tizimi rekord darajaga yetdi. Ilon Mask boshchiligidagi SpaceX kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda ushbu tarmoqdan 7,6 milliondan ortiq foydalanuvchi foydalanmoqda.

Starlink xizmati hozirda 150 dan ortiq mamlakat va hududlarni qamrab oladi. Shu kengayish orqali hatto eng chekka hududlarda yashovchi insonlar ham barqaror va tez internet xizmatlariga ega bo‘lmoqda.

Ushbu loyiha faqat internetga kirishni ta’minlab qolmay, balki kelajakdagi Mars ekspeditsiyalariga moliyaviy yordam ko‘rsatishda ham muhim rol o‘ynaydi. Ilon Maskning ta’kidlashicha, har bir Starlink abonenti “Marsda kelajakni qurish” rejalariga o‘z hissasini qo‘shadi.

2025-yil 19-oktyabrda SpaceX yangi rekord o‘rnatdi — Falcon 9 raketasi yer orbitasiga 28 ta yangi Starlink sun’iy yo‘ldoshini chiqardi. Ularning orasida tizimning 10 minginchi sun’iy yo‘ldoshi ham bor edi. Shuningdek, kompaniya joriy yilda 132 ta raketa uchirishini muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Bu 2024 yil barcha uchirishlari soniga tengdir.

Starlink tizimining tez sur’atlarda rivojlanishi butun dunyoda raqamli xizmatlarning taraqqiyotida muhim qadam sifatida baholanmoqda.