JAMA: Bolalikdagi yuqori qon bosimi yurak xastaliklaridan erta o‘limga olib kelishi mumkin
Chikagodagi Shimoli-G‘arbiy universiteti olimlari bolalikda yuqori qon bosimi bo‘lgan insonlar kattaligida yurak-qon tomir kasalliklaridan erta vafot etish xavfi yuqori bo‘lishini aniqlashdi. Tadqiqot natijalari nufuzli JAMA jurnalida chop etildi.

Tadqiqotda AQShdagi eng yirik sog‘liqni saqlash loyihalaridan biri — Hamkorlikdagi perinatal loyiha ma'lumotlari ishlatildi. Taxminan 38 ming bola qatnashgan bo‘lib, ularning 7 yoshida qon bosimi o‘lchangan.
Qon bosimi ko‘rsatkichlari bolalarning yoshi, jinsi va bo‘yiga qarab foizlik (percentile) ko‘rinishda qayta hisoblangan. Tahlil davomida tana vazni indeksi va demografik omillar ham hisobga olingan.
Natijalarni baholash uchun olimlar AQShning Milliy o‘lim indeksiga murojaat qilishdi va 2016-yilgacha ishtirokchilarning taqdirini kuzatishdi. Shu vaqtgacha 2837 kishi vafot etgan, ularning 504 nafari yurak-qon tomir kasalliklaridan.
Natijalarga ko‘ra, bolaligida qon bosimi yuqori bo‘lganlar 50 yoshga yetmasdan yurak xastaliklaridan vafot etish ehtimoli yuqori bo‘lgan. Qon bosimidagi hatto o‘rtacha oshish ham xavfni oshirgan: sistolik bosim 13%, diastolik bosim esa 18% ga oshgan xavfni bildirgan. Eng katta xavf yuqori 10% ko‘rsatkichga ega bolalar orasida qayd etilgan.
Bu bog‘liqlik atrof-muhit va irsiy omillar inobatga olinganidan keyin ham saqlanib qolgan. 150 ta aka-uka va opa-singil juftliklari o‘rganilganda ham bolaligida yuqori qon bosimi bo‘lganlarda yurak kasalliklaridan erta vafot etish xavfi yuqori bo‘lgani aniqlangan.