Rossiyaliklarga jigar salomatligi uchun tomir orqali dorilarni (kapelnitsa) o‘z boshiga ishlatmaslik tavsiya qilindi
Gepatolog Nuriya Dianova: Jigarni sog‘lomlashtiruvchi infuziyalar faqat shifokor ko‘rsatmasi bilan qilinishi kerak
Bugungi kunda ko‘plab klinikalar sog‘lomlikni yaxshilashga qaratilgan infuzion terapiya xizmatlarini taklif etmoqda. Jumladan, “jigarni tozalovchi” yoki “sog‘lomlashtiruvchi” kapelnitsalar mashhur bo‘lib ketgan. Biroq “Gazeta.Ru” nashriga intervyu bergan “Sog‘lom ovqatlanish ilmiy markazi”ning ijrochi direktori, dietolog va gepatolog Nuriya Dianovaning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi muolajalarni shifokor tavsiyasisiz qilish mumkin emas.
«Bunday usul faqat kompleks davolashning bir qismi bo‘lishi mumkin. Masalan, jigar kasalliklarida men Geptralni tayinlayman, lekin hamma bemorlarga emas. Bu kasallikning faolligi va organizmdagi zaharlanish darajasiga bog‘liq. Agar kasallik sust kechayotgan bo‘lsa, kapsula yoki tabletka yetarli. Kapelnitsalar esa faqat o‘rta yoki yuqori faollikda kerak bo‘ladi. Ayrim saytlarda yozilganidek, ‘noto‘g‘ri ovqatlanish’ yoki ‘toksinlardan tozalash’ uchun kapelnitsa qo‘yish mumkin emas», — dedi Dianova.
Infuzion terapiyani boshlashdan oldin bir qator tibbiy tekshiruvlardan o‘tish kerak: umumiy qon tahlili, biokimyoviy tahlil, qalqonsimon bez faoliyatini tekshirish, vitamin va mikroelement yetishmovchiligini aniqlash. Bunday muolajani o‘zingizga o‘zingiz tayinlab bo‘lmaydi.
«Yana bir masala — bemorlar haqiqatan ham faqat kapelnitsa olish uchun to‘liq tekshiruvdan o‘tishadimi? Chunki ularning narxi ko‘pincha diagnostika narxiga teng. Har qanday kasallikning ko‘plab sabablari bo‘ladi, shuning uchun to‘g‘ri tashxis qo‘yishdan avval hammasini tekshirish, hayot tarzini tahlil qilish muhim. Masalan, qalqonsimon bez muammolari butun organizmga ta’sir qiladi: odam yig‘loqi, jahldor, unutuvchan bo‘ladi, yomon uxlaydi. Bunday hollarda ‘miyani rag‘batlantiruvchi’ kapelnitsalar yordam bermaydi, qalqonsimon bezni endokrinolog davolashi kerak», — dedi Dianova yakunida.
