Mask iqlimni sun’iy yo‘ldoshlar yordamida boshqarish rejasini e’lon qildi
SpaceX kompaniyasi rahbari Ilon Mask ijtimoiy tarmoq X orqali insoniyatni iqlim falokatidan qutqarish rejasini taqdim etdi.
«Quyosh energiyasi asosida ishlaydigan, sun’iy intellektga ega katta sun’iy yo‘ldoshlar tarmog‘i Yerga yetadigan quyosh energiyasi miqdorini ozgina o‘zgartirib, global isishni to‘xtata oladi», — deb yozdi Mask.
Hozirda SpaceX kompaniyasi deyarli 9000 ta Starlink sun’iy yo‘ldoshidan iborat tizimga ega. Ular hali quyosh nurlarini to‘sayotganlari yo‘q, ammo astronomlarga koinotning uzoq hududlarini kuzatishda xalaqit bermoqda.
Bir foydalanuvchi Maskdan so‘radi:
«Bu sun’iy yo‘ldoshlar Yerga yetayotgan quyosh energiyasi miqdorini aniq sozlashi, iqlimni izdan chiqarmasdan amalga oshirishi mumkinmi?»
Mask qisqa javob berdi: «Ha».
«Global isish yoki hatto global sovishni oldini olish uchun faqat kichik o‘zgartirishlar kifoya qiladi», — dedi u.
Quyosh nurlarini to‘sish orqali iqlim o‘zgarishini yumshatish g‘oyasi — “quyosh geoinjiniringi” deb ataladigan yondashuv — ilmiy doiralarda qizg‘in bahslarga sabab bo‘lmoqda. Olimlarning ko‘pchiligi bu nazariy jihatdan mumkin deb hisoblaydi, ammo nihoyatda xavfli. Yer iqlimi juda murakkab tizim bo‘lib, quyosh nurlari miqdoriga har qanday aralashuv kutilmagan oqibatlarga olib kelishi ehtimoldan yiroq emas.
