Mask: SpaceX orbitada ma’lumot markazlari yaratadi
Sun’iy intellektning (AI) jadal rivojlanishi hisoblash quvvati va ma’lumotlarni saqlash tizimlariga bo‘lgan talabni keskin oshirdi. Bu esa ma’lumot markazlarini kosmosda joylashtirish g‘oyasiga katta qiziqish uyg‘otdi. Starcloud kabi bir nechta startaplar bu yo‘nalishda ishlayotgan bo‘lsa-da, endi texnologiya gigantlari ham bu soha bilan jiddiy shug‘ullana boshladi.
May oyida sobiq Google direktori Erik Shmidt orbitadagi ma’lumot markazlariga bo‘lgan qiziqishi tufayli Relativity Space kompaniyasini sotib olgan edi. Oktyabr oyining boshida esa Amazon asoschisi Jeff Bezos, keyingi 10–20 yil ichida kosmosda ulkan ma’lumot markazlari qurilishini bashorat qildi. Endi esa Ilon Mask ham bu yo‘nalishga qiziqishini bildirdi.
“Starlink V3 sun’iy yo‘ldoshlarini kengaytirish kifoya — ular allaqachon yuqori tezlikdagi lazer aloqa tizimlariga ega. Bu ish bilan SpaceX shug‘ullanadi”, — dedi Mask X ijtimoiy tarmog‘ida.
Maskning bu tashabbusi yangi sohaga katta e’tibor olib keldi. G‘oya tarafdorlari quyosh energiyasining cheksiz va bepul ekanini, shuningdek, Yerda quriladigan markazlarga xos ekologik muammolarning yo‘qligini afzallik sifatida ko‘rsatadi. Biroq tanqidchilar bu loyihaning iqtisodiy jihatdan foydasiz va texnik jihatdan murakkab ekanini ta’kidlaydi.
Starlink sun’iy yo‘ldoshlari tizimi esa bu fikrlarni rad etdi — loyiha millionlab foydalanuvchilarga yuqori tezlikdagi internet taqdim etmoqda va foyda keltirmoqda. Agar Mask Starlink arxitekturasini ma’lumot markazlariga moslashtirish mumkin deb hisoblasa, buni inkor etish qiyin bo‘ladi.
Ma’lumot markazlarining vazifasi — ma’lumotni saqlash, qayta ishlash va uzatishdir. Sun’iy yo‘ldoshlar allaqachon bu vazifalarning bir qismini bajarib kelmoqda. Aloqa yo‘ldoshlari ma’lumot uzatish, masofadan zondlash yo‘ldoshlari esa katta hajmdagi ma’lumotni yig‘ish bilan shug‘ullanadi. Orbitadagi ma’lumot markazlari bu jarayonning keyingi bosqichi bo‘lishi mumkin.
Buning uchun esa katta quyosh panellariga ega bo‘lgan yirik sun’iy yo‘ldoshlar kerak bo‘ladi — bu borada SpaceX Starlink V3 yo‘ldoshlari hozircha raqobsiz hisoblanadi.
