Yevroittifoq Turkmanistonga 205 ming yevrodan ortiq qiymatdagi kinologik xizmat avtomobillarini topshirdi

Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarishga koʻmaklashish dasturi (BOMCA 10) doirasida Turkmaniston Davlat chegara xizmati uchun kinologik bo‘linmalar ehtiyoji uchun ikkita maxsus avtomobil topshirildi.

Aug 22, 2025 - 08:46
Yevroittifoq Turkmanistonga 205 ming yevrodan ortiq qiymatdagi kinologik xizmat avtomobillarini topshirdi

Jihozlarning umumiy qiymati 205 130,44 yevroni tashkil qiladi. Rasmiy topshirish marosimi 20-avgust kuni bo‘lib o‘tdi, bu haqda bomca-eu.org saytida xabar berilgan.

Mazkur avtomobillar kinologlar va xizmat itlarini tashish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, kinologik bo‘linmalarning harakatchanligi va samaradorligini sezilarli darajada oshiradi. Ulardan biri Ashxoboddagi Markaziy kinologik markazda, ikkinchisi esa Maridagi serjantlar va mutaxassislarni tayyorlash maktabining otliq-kinologik o‘quv markazida foydalaniladi.

Tadbir davomida Yevropa Ittifoqining Turkmanistondagi elchisi Beata Peksaning ta’kidlashicha, YEI bilan Turkmaniston o‘rtasida chegaralarni boshqarish sohasida uzoq muddatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. U, shuningdek, BOMCA 10 dasturi doirasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni davom ettirishga sodiqligini bildirdi.

Turkmaniston Kinologik xizmati rahbari Dovletmyrat Gurtliyev ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorchilik bildirib, yangi texnika butun mamlakat bo‘ylab kinologik bo‘linmalarning tayyorgarlik darajasini ancha oshirishini ta’kidladi. Shuningdek, u chegara va bojxona xizmatlarining kinologik imkoniyatlarini kuchaytirishda xalqaro hamkorlikning muhimligini qayd etdi.

Bu yordam BOMCA dasturining “Qonunbuzarliklarni aniqlash salohiyatini oshirish” komponenti doirasida taqdim etilgan bo‘lib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tergov va operativ faoliyatni amalga oshirishda yordam berishga qaratilgan.