Nega insult yoshlar orasida ham koʻpaymoqda
Yaqin vaqtgacha insult, asosan, 60–70 yoshdan keyin uchraydigan keksalikka xos kasallik deb hisoblanardi. Ammo hozirgi statistika bu holat oʻzgarganini koʻrsatmoqda — endi insult 40 yoshgacha boʻlgan odamlarda ham tobora koʻproq uchramoqda. Bu holat insonlarning turmush tarzining oʻzgarishi va yoshlar orasida xavf omillarining ortishi bilan bogʻliq, dedi «Gazeta.Ru» nashriga Qozon Federal Universiteti dotsenti, kardiolog va terapevt Lenar Kashapov.
Insult — bu miyada qon aylanishining keskin buzilishi natijasida uning to‘qimalarining shikastlanishidir. Tibbiyotda insultning ikki asosiy turi farqlanadi:
-
Ishemik insult — barcha holatlarning 80 foizini tashkil etadi, qon tomirining tromb yoki blyashka bilan to‘silishi natijasida yuz beradi.
-
Gemorragik insult — tomir yorilib, miya ichiga qon ketishi bilan bog‘liq bo‘lib, eng og‘ir va xavfli shakl hisoblanadi.
«Insult yoshlarning orasida ham koʻpayayotgani tashvishli holat. Asosiy sabablari — turmush tarzining oʻzgarishi va xavf omillarining ortishi. Ularga semizlik, gipertoniya va diabet kiradi, ular harakatsizlik va notoʻgʻri ovqatlanish natijasida rivojlanadi. Ishdagi va shaxsiy hayotdagi stress kortizol darajasini oshiradi va qon tomirlariga salbiy ta’sir qiladi. Chekish va veyping qonni quyuqlashtiradi, tomirlarni toraytiradi va tromb hosil bo‘lish ehtimolini oshiradi. Yoshlar orasida koʻp hollarda aniqlanmagan gipertoniya yoki aritmiya uchraydi. Energetik ichimliklarni ortiqcha iste’mol qilish ham yurak va qon tomir tizimiga zarar yetkazadi», — dedi shifokor.
Bundan tashqari, COVID-19 pandemiyasining oqibatlari ham bu jarayonga ta’sir koʻrsatmoqda.
«Virus tomirlarning ichki qavatiga zarar yetkazadi, bu esa qonning quyuqlashishiga (giperkoagulyatsiyaga) olib keladi va tromb hosil bo‘lish xavfini oshiradi. Ayniqsa, COVID-19’ning og‘ir shaklini boshidan o‘tkazgan odamlarda insult xavfi yuqori. Eng yaxshi chora — profilaktika: qon bosimini va xolesterin darajasini nazorat qilish, chekishni va energetik ichimliklarni tashlash, sog‘lom turmush tarziga o‘tish kerak. To‘g‘ri ovqatlanish insultning oldini olishda va qon tomir sog‘lig‘ini saqlashda muhim rol o‘ynaydi», — dedi shifokor.
