NVIDIA va Oracle AQShdagi eng yirik sun’iy intellekt superkompyuterini quradi
Yirik texnologiya kompaniyalari NVIDIA va Oracle AQSh Energetika vazirligi bilan hamkorlikda mamlakatdagi eng qudratli sun’iy intellekt superkompyuterini yaratmoqchi. Solstice deb nomlangan yangi tizim iqlimshunoslikdan tortib, milliy xavfsizlikka qadar bo‘lgan ko‘plab sohalarda innovatsiyalarni tezlashtiradi.
Solstice tizimi 100 mingta NVIDIA Blackwell GPUdan iborat bo‘ladi, uning “hamroh tizimi” Equinox esa 10 mingta GPU bilan jihozlanadi. Ikkalasi ham Argonn milliy laboratoriyasida joylashtiriladi va NVIDIA’ning yuqori tezlikdagi tarmog‘i orqali ulanadi. Bu tizimlarning umumiy hisobdagi quvvati 2 200 eksaflops bo‘lib, sun’iy intellekt bilan bog‘liq masalalarni hal qilishga xizmat qiladi. Bu AQSh Energetika vazirligi uchun yaratilgan eng kuchli AI infratuzilmasi bo‘ladi.
Argonn laboratoriyasi direktori Pol K. Kerns (Paul K. Kearns) shunday dedi:
“Equinox va Solstice tizimlari AI yordamida keng ko‘lamli ilmiy muammolarni tezroq hal etish uchun mo‘ljallangan. Ushbu infratuzilma Energetika vazirligining ilg‘or tajriba obyektlari, jumladan, Yaxshilangan Foton Manbai bilan integratsiyalashgan holda ishlaydi va olimlarga mamlakatning eng dolzarb muammolarini hal etishga yordam beradi.”
Mazkur tizimlar ilmiy tadqiqotlarning samaradorligini sezilarli darajada oshirishi, yangi kashfiyotlarni tezlashtirishi va davlat tomonidan moliyalashtiriladigan ilmiy ishlanmalarni rivojlantirishi kutilmoqda.
