AQShda birinchi avtonom patrul mashinasi Mayami ko‘chalariga chiqdi

Sun’iy intellekt va avtonom boshqaruv texnologiyalari tufayli yangi robotlashtirilgan PUG avtomobili yuqori jinoyatchilik darajasiga ega hududlarda patrullik qilib, to‘plangan ma’lumotlarni boshqaruv markazlariga uzatishga qodir.

Oct 7, 2025 - 09:31
AQShda birinchi avtonom patrul mashinasi Mayami ko‘chalariga chiqdi
PUG / © Policing Lab
AQShda birinchi avtonom patrul mashinasi Mayami ko‘chalariga chiqdi
AQShda birinchi avtonom patrul mashinasi Mayami ko‘chalariga chiqdi

Policing Lab laboratoriyasi Mayami-Deyd okrugi sherifi bilan hamkorlikda Police Unmanned Ground Patrol Partner — ya’ni Politsiyaning Yerni Patrullovchi Avtonom Hamkori, qisqacha PUGni taqdim etdi. U allaqachon mamlakatdagi birinchi to‘liq avtonom patrul mashinasi deb e’tirof etildi.

Texnik tafsilotlar to‘liq oshkor qilinmagan bo‘lsa-da, PUG Ford Police Interceptor Utility bazasida yaratilgani va Perrone Robotics tomonidan ishlab chiqilgan avtonom boshqaruv tizimi bilan jihozlangani ma’lum. Bu mashinaga jinoyatchiligi yuqori bo‘lgan hududlarni mustaqil ravishda patrullash imkonini beradi va shu bilan birga ko‘rinadigan ogohlantiruvchi vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Eng muhimi, PUG — bu mobil kuzatuv tizimi. U bir nechta kameralar, issiqlik kamerasi (termal kamera), avtomobil raqamlarini aniqlovchi tizim va hatto dron uchirish qurilmasi bilan jihozlangan. Bu qurilmalar orqali real vaqt rejimida ma’lumotlar uzatiladi va masalan, o‘g‘irlangan mashina aniqlansa, zudlik bilan xabar beriladi. Bunday holatlarda tizim avtomatik tarzda politsiya xodimlarini voqea joyiga yuborishi mumkin.

PUG pilot dasturi bir yil davom etadi. Maqsadlar — politsiya tezkorligini oshirish, jinoyatlarning oldini olish, xodimlarning xavfsizligini ta’minlash va aholining huquq-tartibot idoralariga bo‘lgan ishonchini kuchaytirish.

PUG haqiqiy yutuq bo‘ladimi yoki shunchaki yaxshi tashkil etilgan eksperiment bo‘lib qoladimi — vaqt ko‘rsatadi.