OAV: FIFA 2026-yilgi Jahon chempionati oldidan offsayd qoidalarini oʻzgartirishi mumkin
FIFA 2026-yilgi futbol boʻyicha Jahon chempionati oldidan offsayd qoidasiga oʻzgartirish kiritishi mumkin.
Bu haqda Mundo Deportivo nashriga tayanib Report xabar berdi. Ma’lumotga koʻra, bu taklif haqida sobiq hakam Eduardo Iturralde Gonsales ma’lumot bergan.
Gap “Venger qoidasi” deb nomlangan yangi offsayd qoidasida bormoqda. Bu qoida muallifi — sobiq futbolchi va murabbiy, hozirda FIFAning global futbol rivoji boʻyicha direktori boʻlgan Arsen Venger.
Venger tashabbusiga koʻra, offsayd faqatgina hujumchi bilan himoyachi oʻrtasida aniq bo‘shliq (masofa) mavjud boʻlsa aniqlanadi. Agar futbolchilar bir chiziqda tursa — hattoki qisman bo‘lsa ham, masalan, hujumchining tovon qismi himoyachining oyoq uchi bilan bir xil darajada boʻlsa — offsayd boʻlmaydi.
“Jarayon shunday: oktyabr oxiri yoki noyabrda 23 nafar futbolchi va 11 nafar hakamdan iborat ekspertlar kengashi yangi takliflarni koʻrib chiqadi. Eng qizig‘i — bu kengashga aynan taklif muallifi Venger rahbarlik qiladi. Agar taklif shu bosqichdan o‘tsa, u 20-yanvarda boʻladigan yillik yig‘ilishga, so‘ngra fevral oxiri yoki mart boshida boʻladigan umumiy sessiyaga chiqariladi. Odatda shu bosqichga yetib boradigan takliflarning 95 foizi qabul qilinadi”, — dedi Iturralde.
Yangi qoida 2026-yilda, Jahon chempionati arafasida sinov tariqasida qo‘llanilishi mumkinligi aytilmoqda.
