Olimlar saraton tufayli oʻlimning asosiy sababini aniqlashdi
Teksas universitetining Janubi-gʻarbiy tibbiyot markazi olimlari saraton kasalligidan oʻlimning asosiy sababi ilgari oʻylangandek metastaz emas, balki oʻsimtaning yirik qon tomirlariga kirib borishi boʻlishi mumkinligini aniqlashdi. Tadqiqot Nature Medicine jurnalida chop etildi.
Tadqiqot doirasida Dallasdagi klinikalarda vafot etgan 100 dan ortiq saraton kasallari va hospisda boʻlgan 31 ogʻir bemorning sogʻligi tahlil qilindi. Ko‘pchilik bemorlarda o‘simtalar katta qon tomirlarini — pastki kovak vena, darvoza venasi, jigar venalari va qorin aortasini zararlagani aniqlandi.
Hayotining so‘nggi haftalarida bemorlarning qonida aylanayotgan o‘simta hujayralarining keskin oshishi kuzatildi. Maxsus modifikatsiyalangan autopsiya usuli qon tomirlarini butun holda saqlab qolish va shikastlangan joylarni aniqlash imkonini berdi. Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, o‘simtalar tromblar hosil qilib, qon aylanishini buzadi va muhim a’zolarning ishdan chiqishiga olib keladi.
Qo‘shimcha dalillar Germaniyadagi 1200 dan ortiq saraton bemorining KT natijalari asosida tasdiqlandi — ularda ham qon tomirlarga o‘simta kirib borishi belgilari aniqlangan.
Bu kashfiyot saraton tufayli oʻlim mexanizmlari haqidagi mavjud qarashlarni shubha ostiga qoʻyadi va davolash yondashuvlarini o‘zgartirishi mumkin.
Olimlarning fikricha, ayniqsa yirik qon tomirlari yaqinidagi o‘simtalarga alohida e’tibor qaratish lozim. Bunday joylarga qilinadigan jarrohlik yoki nurlantirish muolajalari asoratlar xavfini kamaytirib, bemorlarning yashash davomiyligini oshirishi mumkin.
