Olimlar qon saratonini keltirib chiqaruvchi virusga qarshi samarali vosita topishdi
OIV (VICh) infektsiyasini davolashda keng qo‘llaniladigan tenofovir va dolutegravir dori vositalari, kam tanilgan, ammo xavfli HTLV-1 virusining tarqalishini samarali ravishda to‘xtatishi aniqlangan. Bu haqda Cell ilmiy jurnalida chop etilgan yangi tadqiqotda aytiladi.

Tajribalarda “insonlashtirilgan” laboratoriya sichqonlari ishlatilgan — ularning immun tizimi inson hujayralaridan yaratilgan. Tenofovir va dolutegravir bilan davolash kursidan so‘ng, HTLV-1 virusi T-hujayralarda deyarli butunlay faolligini yo‘qotgan.
Olimlarning ta’kidlashicha, HTLV-1 virusini OIV’ning “yaqin qarindoshi” deb hisoblash mumkin, chunki u ham immun tizimining bir xil hujayralariga hujum qiladi. Bu virus yillar davomida inson organizmida yashirincha qolib, asta-sekin T-hujayrali leykemiya (qon saratoni turi) va orqa miya yallig‘lanishiga olib kelishi mumkin.
Bugungi kungacha HTLV-1'ga qarshi na samarali emlash, na bo‘shashtiruvchi yoki to‘xtatuvchi davo usuli mavjud emas edi.
Tadqiqot davomida olimlar yangi yondashuvni ham sinovdan o‘tkazishdi: virusga qarshi dorilar MCL-1 oqsili blokatorlari bilan birlashtirildi. MCL-1 — zararlangan hujayralarning yashovchanligini ta’minlovchi muhim oqsildir. Uni bloklash orqali faqat zararlangan hujayralarni yo‘q qilishga, sog‘lom hujayralarga zarar yetkazmaslikka erishildi.
“Bu natijalar HTLV-1 virusini nafaqat oldini olish, balki allaqachon zararlangan bemorlarni ham davolash umidini beradi,” — deyiladi tadqiqot mualliflari xulosasida.