Qush etining kutilmagan xavfi aniqlangan
mBio jurnalida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, qush etidan keladigan bakteriyalar har beshinchi siydik yo‘llari infektsiyasiga (SYI) sabab bo‘ladi.
George Washington universiteti olimlari aniqlashicha, deyarli har beshinchi SYI E. coli shtammlari bilan bog‘liq bo‘lib, ular hayvon mahsulotlari orqali yuqadi.
SYI’ga uretrit (siydik kanalining yallig‘lanishi), sistit (pufakchadagi yallig‘lanish) va piyelonefrit (buyrak yallig‘lanishi) kiradi. Bu infeksiyalar turli patogenlar — qo‘ziqorinlar, parazitlar va viruslar tomonidan yuzaga kelishi mumkin, ammo ko‘p hollarda bakteriyalar asosiy sababdir. Infeksiya patogen siydik kanaliga tushganda boshlanadi, keyin pufakka ko‘tariladi va piyelonefritda siydik yo‘li orqali buyrakka yetadi.
Olimlar 5,7 mingdan ortiq E. coli namunalarini tahlil qilishdi. Ba’zilari infektsiya bilan kasallangan bemorlardan, ba’zilari esa do‘konlardan olingan et va qush etidan olingan. Genetik tahlil shuni ko‘rsatdiki, taxminan 18% SYI holatlari hayvon bakteriyalari bilan bog‘liq. Eng xavfli shtammlar tovuq va kurka etida topildi.
Eng yuqori xavf kam ta’minlangan hududlarda yashovchilar orasida kuzatildi — ularning E. coli bilan kasallanish ehtimoli boy hududlardagi odamlardan 60% yuqori edi. Olimlar buni sanitariya sharoitlarining yomonligi va sifatli mahsulotlarga cheklangan kirish bilan izohlaydilar.
Ish mualliflari sistemali choralarni tavsiya qiladilar: etni qayta ishlash korxonalaridagi nazoratni kuchaytirish va ijtimoiy tengsizlikni kamaytirish. Iste’molchilarga esa etni yaxshilab pishirish, tayyor ovqat bilan aloqaga yo‘l qo‘ymaslik va qo‘lni har doim yuvish tavsiya etiladi.
