Yapon kompaniyalari Tokiodan Nyu-Yorkka 60 daqiqalik kosmik parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqchi
Yaponiyaning Nippon Travel Agency sayyohlik agentligi va Innovative Space Carrier (ISC) startapi kosmik sayohatlarni tijoratlashtirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida kelishuvga erishdilar. Kelajakda ushbu loyiha Tokiodan Nyu-Yorkka atigi 60 daqiqada uchishga imkon yaratadi.
Report xalqaro OAVlarga tayanib xabar berishicha, bu haqda kompaniyalarning qo‘shma bayonotida ma’lum qilingan.
Shu oyda imzolangan kelishuv doirasida uzoq muddatli “SPACE Tour” dasturi amalga oshiriladi. U kosmik sayohatlarni bosqichma-bosqich rivojlantirishni — ta’lim dasturlaridan tortib, 2030-yillarda suborbital va orbital parvozlarga qadar — nazarda tutadi.
Nippon Travel Agency hisob-kitoblariga ko‘ra, suborbital parvoz uchun chipta narxi taxminan 100 million yenni (taxminan 657 ming AQSh dollarini) tashkil etadi — borib-kelish uchun. Uchishlar dengizdagi platformalardan amalga oshiriladi, kosmik kemalarning dvigatellari va korpuslari esa ko‘p marta foydalaniladigan bo‘ladi.
