O‘zbekistonda avtomobillar uchun “ismli” raqamlar ruxsat etiladi

Nov 4, 2025 - 11:07
O‘zbekistonda avtomobillar uchun “ismli” raqamlar ruxsat etiladi

O‘zbekiston hukumati avtomobillar uchun ism ko‘rinishidagi davlat raqamlarini joriy etishni ma’qulladi. 2026-yildan boshlab avtomobil raqamlarida olti tagacha harf yoki raqam kombinatsiyasini ishlatish mumkin bo‘ladi, biroq ular mavjud raqamlar bilan takrorlanmasligi va qonunlarga zid bo‘lmasligi kerak.

2026-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda harf va raqamlardan iborat noyob davlat raqamlarini sotib olish imkoniyati yaratiladi.

Hujjatga ko‘ra, davlat korxonasi “Uzavtomotobelgi” bunday raqamlarni ochiq elektron auksionlar orqali berish huquqiga ega bo‘ladi.

Noyob raqamlar olti tagacha harf yoki raqam kombinatsiyasidan tashkil topishi mumkin. Ular amaldagi davlat raqamlariga o‘xshash bo‘lmasligi va qonunga yoki axloq me’yorlariga zid ifodalarni o‘z ichiga olmasligi lozim.

«Bu degani, ko‘chalarda “SARVAR”, “AZIZA”, “ODIL” yoki “BUXORO” kabi raqamli avtomobillarni ko‘rish mumkin bo‘ladi», — deya qayd etadi UzA.

2019-yildaMening Fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida O‘zbekistonda shaxsiy avtomobil raqamlarini joriy etish masalasi ko‘tarilgan edi. Muallifning fikricha, bu tajriba ko‘plab mamlakatlarda mavjud bo‘lib, davlat byudjetiga qo‘shimcha daromad keltirishi mumkin.

Hozirda avtoraqam.uzex.uz saytida faqat standart shakldagi “chiroyli” raqamlar auksion orqali sotilmoqda. Petitsiya hozircha 900 dan ortiq ovoz to‘plagan. Qoidalarga ko‘ra, 10 ming ovoz to‘plangach, taklif Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.

Ma’lum qilinishicha, Qirg‘izistonda “ismli” avtomobil raqamlariga 2012-yildan beri ruxsat berilgan.